Bahor – mamlakatimizda bayramlar fasli. Bahorning eng asosiy bayrami va O’zbekistondagi eng muhim bayramlardan biri – bu Navro’zdir. Bu – qishning yakunlanishi va bahorning boshlanish ramzi bo’lgan bayramdir. Navro`z tabiatning uyg’onishi, sovuq qishdan keyin qayta jonlanishi, sharqiy taqvim bo’yicha esa yangi yilning boshlanishi bilan bog’liqdir.
Mamlakatimiz bo’ylab hamma ushbu bayramga ancha oldindan tayyorgarlikni boshlab yuboradi. Hasharlar olib boriladi, ko’chalar, xonadonlar, bog’lar tartibga keltiriladi. Shuningdek, bizning maktabimiz jamoasi ham Navro’z bayramiga ko`tarinki kayfiyat bilan tayyorgarlik ko’rmoqda. Shanbaliklar o’tkazilmoqda, bolalar maktab hovlisini, gulzorlarni tartibga keltirishmoqda, daraxtlarni oqlash ishlariga yordam berishmoqda. Ammo eng muhim tayyorgarlik – bu bayram kontsertiga tayyorgarlik. O`quvchilar raqslar, sahna ko`rinishlari tayyorlamoqdalar, qo’shiqlar o’rganishyapti va eng asosiysi, kostyumlar tiktirmoqdalar.
Maktabimizda Navro’z bayrami 19-mart kuni nishonlandi. Ertalab maktabga o`g`il bolalar milliy do`ppilar va belbog`larda, qizlar esa chiroyli atlas va adras liboslarida kelishdi. Darslarda bayramona kayfiyat hukm surdi. Darslardan so’ng haqiqiy xalq o`yinlari boshlandi. O’g’il bolalar kurash, arqon tortish bo’yicha musobaqalashdilar, an’anaviy o’yin – tosh ko`tarishdi. Qizlar, o’zbekona urf-odatlariga ko’ra, sochlarini qirq kokil qilib o’rishgan, qoshlariga o`sma va qo`llariga xina qo’yishgan. Milliy musiqa sadolari ostida bolalar jozibali raqslarni namoyish etdilar, quvnoq kulgi sadolari butun koinotni tutdi. Bayram yakunlangach, hamma Andijon polkasiga flesh-mob raqsga tushdi. Bunday zavqdan hatto o’qituvchilar va tarbiyachilar ham o’zlarini to`xtata olmadilar. Bayram judayam yuqori saviyada ko`tarinkilik bilan o’tdi!