Sayyoramiz naqadar noyob ekanligi haqida hech o`ylab ko`rganmisiz? Insoniyat qo`lida qanday tuhfa ekanligi haqida-chi? Baland tog ‘tizmalari, katta qir-adirlar, shovqinli sharsharalar, cheksiz okeanlar bilan qanchalik buyuk va qudratli ekanligi haqida-chi? Shuningdek, tabiat bir vaqtning o`zida insoniyat oldida qanchalik zaif va himoyasiz ekanligi haqida-chi?
Sayyoramizning o`z bayrami – Yer kuni borligini bilasizmi? Bu bayram bitta emas, balki ikkitadir. Rasmiy ravishda tan olingan ushbu ikkita bayram sayyoramizga bag`ishlangan va uni inson ta’siridan himoya qiladi. Kun bilan tunning tenglashish sanasi – Yer kuni nishonlanadigan 20- mart kuni BMTning tashabbusi bilan tanlangan va 1971- yilda rasman tasdiqlangan. 22- aprel kuni esa Xalqaro Ona Yer kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2009- yilda № A/RES/63/278-sonli qaror bilan tashkil etilgan. Birinchi bayram insonparvarlik, ikkinchisi ekologik yo`nalishga ega. Ushbu bayramlar hammaga ham tanish emas, lekin har yili tobora kattalashib, ko`lami kengaymoqda va odamlarni sayyoramizning farovonligi uchun harakat qilishga undamoqda.
Keling, Yer kuniga bir e’tibor qarataylik. Bu qanday bayram va u nimalar bilan bog`liq? Bayramning o`ziga xos ramziy ma’nosi bor – bu Yer sayyorasini kosmosda tasvirlaydigan bayroq. Aslida bayroqda sayyoramizning fotosurati tasvirlangan. Ushbu fotosurat dunyodagi eng taniqli fotosuratlardan biridir. Uni “Apollon 17” kosmonavtlari Oyga yo`l olganida 1972- yilda olishgan. Bayroqdan tashqari, bayramning ramzi – oq fonda yashil yunoncha Θ, θ (Тета) harfi mavjud. Bu bizning sayyoramizni ekvatori bilan biroz eslatadi. Yer kunining yana bir qiziqarli atributi – bu Tinchlik qo`ng`irog`i. Dunyoning turli mamlakatlarida shunday urf-odat bor: qo`ng`iroqni urish orqali sayyora aholisini birdamlik, tinchlik va Yer go`zalligini saqlashga chaqiradi. Birinchi qo`ng`iroq o`tgan asrning o`rtalarida Nyu-Yorkda butun dunyo bolalari to`plagan tangalardan tortilgan. Unda shunday yozuv bitilgan: «Yashasin dunyoda umumjahon tinchlik!». Xuddi shunday qo`ng`iroqlar Germaniya, Avstraliya, Kanada va boshqa mamlakatlarda o`rnatilgan.
Bayramning asosiy maqsadi: insoniyatni atrof-muhit ifloslanishi, sayyoramizning almashtirib bo`lmaydigan boyliklarini isrof qilish muammosini hal etish uchun birlashtirish va uni inson qo`li keltiradigan zararlardan himoya qilishdir. Yildan yilga butun dunyo bo`ylab atrof-muhitga bag`ishlangan turli xil aksiyalar, forumlar, konferentsiyalar, maxsus ko`rgazmalar va xayriya auksionlari tashkil etilib, ularning mablag`lari tabiatni muhofaza qilish bilan shug`ullanadigan tashkilotlarga o`tkaziladi.
Bugungi kunga kelib, dunyoning 170 dan ortiq mamlakatlari Yer kunini o`zlarining rasmiy bayramlari deb tan olishdi va har yili sayyoramizni himoya qilish zarurligini odamlarga eslatish maqsadida turli xil tadbirlar o`tkazilib, nishonlanmoqda.
Tadbirlar turli xil ta’lim muassasalarida: universitetlar, kollejlar, maktablarda o`tkaziladi. Bizning maktabimiz ham bundan mustasno emas. O`tgan yili maktabimiz o`quvchilari atrofni axlatdan tozalash aksiyasida qatnashgan bo`lsa, bu yil IZB o`quvchilari ushbu hududni obodonlashtirish ishlarida qatnashdilar. Bolalar yangi nihollarga, yangi gullarni ehtiyotkorlik bilan o`tqazib, gullar va daraxt ko`chatlarini ekishdan mamnun edilar. Bir nechta gulzorlar tashkil etildi, ko`chma gulzorlarga bir necha o`nlab gul ko`chatlari va yosh daraxt nihollari o`tqazildi. Barcha tadbirlar biologiya o`qituvchisi Yorqinoy Qo`chqorovna rahbarligida bo`ldi. Yo`l-yo`lakay u bolalarga o`simliklarni ekish va parvarish qilishning ko`plab jihatlarini tushuntirib berdi, ularga botanika va biologiya darslarida olgan bilimlarini eslatdi. Bitta nihol ekkan bolani tabiatni muhofaza qilishga o`z hissasini qo`sha oldi, TABIAT deb nomlangan kichik «dengizdagi tomchi» ga hayot baxsh etdi, deb ayta olamiz.
Bunday bayramlar va tadbirlar bolalarni, umuman, odamlarni umumiy maqsad – sayyoramizni qutqarish uchun birlashtiradi. Biz har yili bir marta emas, butun insoniyat oldida qanday mas’uliyat borligini yodda tutishimiz, bugungi kunda dunyoda o`xshashi bo`lmagan noyob sayyoramizning xavfsizligi haqida doimo qayg`urishimiz kerak.



